Tejamkor ishlab chiqarishda keng qo’llaniladigan tushunchalardan biri faoliyat turlariga tegishlidir. Iste’molchi nazaridan qaraganda barcha faoliyatlarni 3 turga bo’lsa bo’ladi:
- Qadr-qiymat qo’shadigan faoliyatlar. Qiymat deganda kutilgan yoki ortig’i bilan ko’rsatilgan sifat, ishonchli xizmat va to’g’ri narxni tushunsa bo’ladi.
- Qard-qiymat qo’shmaydigan faoliyatlar. Resurslarni iste’mol qiladigan, lekin iste’molchiga qiymat yaratmaydigan va agar to’xtatilsa, ularga ko’rinmaydigan faoliyatlar kiradi.
- Zarur lekin qadr-qiymat qo’shmaydigan faoliyatlar. Masalan, qonunlarga rioya qilish va ishni yurgizish uchun kerak bo’lgan xizmat litsenziyalari yoki mahsulot sertifikatlari shular jumlasidandir.
Qadr-qiymat qo’shadigan faoliyatlarni optimallashtirish, qo’shmaydiganlarini bartaraf qilish va zarur bo’lgan lekin qadr-qiymat qo’shmaydiganlarini kamaytirishga harakat qilish kerak.
Misol uchun, soliqlarni bankka borib to’lab kelmoqchi bo’lsak, faqat tranzaktsiya uchun ketadigan vaqt (2 daqiqa deylik) iste’molchiga qadr-qiymat qo’shadi, qolgan avtoulovda yo’lga, bankda navbatda kutishga va uyga qaytishga ketadigan vaqtlar (40 daqida deylik) iste’molchi uchun qadr-qiymat qo’shmaydi.
Qadr-qiymat qo’shmaydigan faoliyatlarga o’z navbatida 8 ta yo’qotish turlari kiradi.
Yo’qotish turlari | Misollar |
---|---|
Defektlar | Defektlarni qayta ishlashga ketgan vaqt va xatti-harakatlar umumiy daromadga to’gridan-to’gri salbiy ta’sir ko’rsatadi. |
Kutish | Ishchilar, xom ashyo materiallar yoki asbob-uskunalar boshqa resurslarni kutishganda bu yo’qotish turini bevosita kuzatish mumkin. |
Tashish | Mahsulotlarni ortiqcha transportirovka qilish iste’molchi uchun uning qadr-qiymatini oshirmaydi. |
Harakatlanish | Ishchilar o’z faoliyatlarida ergonomika nuqtai nazaridan keragidan ortiqcha harakatlanishlari (ko’tarilish, bukilish, egilish va hokazo) ishning unumdorligiga ta’sir qiladi. |
Xom ashyo, mahsulot va uskunalarni saqlash | Ortiqcha xom ashyo, ishlov berilayotgan va tayyor mahsulotlar, va asbob-uskunalarni omborda saqlash |
Ortiqcha ishlab chiqarish | Iste’molchi talabiga nisbatan ko’proq mahsulot ishlab chiqarish o’z o’rnida boshqa yo’qotishlarga ham sabab bo’ladi. |
Qo’shimcha ishlov berish | Ortiqcha inspektsiya yoki hujjatlar |
Foydalanilmagan bilim va iste’dod | Ishchilarning bilimi va iste’dodini ish jarayonida qo’llanilmasdan qolib ketishi |