Kayzen: Doimiy takomillashtirishning kuchi

Kaizen (kayzen) yaponcha atama boʻlib, “yaxshilanish” yoki “yaxshi tomonga o’zgarish” degan ma’noni anglatadi. Biznes va menejment kontekstida kayzen samaradorlik va unumdorlikni oshirish uchun jarayonlar va tizimlarni bosqichma-bosqich yaxshilashga intiladigan doimiy takomillashtirish falsafasini anglatadi.

Kayzen birinchi marta Yaponiyada Ikkinchi jahon urushidan keyin mamlakatni qayta qurish va jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirish usuli sifatida joriy etilgan. Keyinchalik Masaaki Imay tomonidan 1986 yilda nashr etilgan “Kayzen: Yaponiyaning raqobatbardosh muvaffaqiyatining kaliti” kitobi orqali G’arbda ommalashgan. O’shandan beri u butun dunyo bo’ylab turli tashkilotlar va kompaniyalar tomonidan samaradorlik, unumdorlik (mahsuldorlik) va mijozlar ehtiyojini qondirishni yaxshilash usuli sifatida qo’llanib kelinadi.

Kayzen g’oyasi mavjud vaziyatdan “hech qachon qanoatlanmaslik” tushunchasiga asoslanadi. U xodimlarni ish jarayonlaridagi isrofgarchiliklarni aniqlashga va ularni bartaraf etishga, mahsulot yoki xizmatlarni yetkazib berish vaqtini qisqartirishga va doimiy takomillashtirish madaniyatini yaratish uchun jarayonlarni tartibga solishga undaydi. Ushbu yondashuv qisqa vaqt ichida katta, keskin o’zgarishlarni amalga oshirishga qaratilgan an’anaviy takomillashtirish tashabbuslaridan farq qiladi.

Kayzenning asosiy afzalligi shundaki, u takomillashtirishlarni faqat yuqoridan pastga tayangan holda amalga oshirish o’rniga, tashkilotning barcha pog’onadagi xodimlarini takomillashtirish yo’nalishlarini jamoada birga aniqlash va ularni amalga oshirishga vakolat beradi. Bu xodimlarning o’z ishiga bo’lgan mas’uliyat hissini oshiradi va ularni kompaniya muvaffaqiyatiga hissa qo’shishga undaydi.

Kayzen falsafasining yana bir muhim jihati - uning fakt va ishonchli ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishga qaratilganligidir. Kayzen sezgi yoki sub’ektiv fikrlarga tayanishdan ko’ra, takomillashtirishni empirik ma’lumotlar va faktlarga asoslashga intiladi. Bu o’zgarishlar shunchaki taxminlarga asoslangan holda emas, balki tizimli, dalillarga asoslangan tarzda amalga oshirilishini ta’minlashga yordam beradi.

Kompaniyada Kayzenni tatbiq etish madaniy o’zgarishlarni, shuningdek, yangi o’zgarishlarni qabul qila olishni va doimiy takomillashtirishga tayyorlikni jamoalardan talab qiladi. U xodimlarning vakolatlarini kengaytirish va ularni takomillashtirish jarayoniga jalb qilish majburiyatini talab qiladi. Shu bilan birga, Kayzenni tatbiq qilgan kompaniyalarda samaradorlikni sezilarli darajada oshishini, xarajatlarni kamayishini va mijozlar ehtiyojini yahshiroq qondirilishini kuzatish mumkin.

Kayzen bir nechta asosiy tamoyillarga asoslanadi, jumladan:

  1. Doimiy takomillashtirish. Kayzen - bu cheksiz takomillashtirish jarayoni va xodimlarni har kuni samaradorlikni yaxshilash yo’llarini izlashga undaydi. Takomillashtirish kichik, lekin doimiy bo’lishi kerak.

  2. Hammaning ishtirok etishi. Kayzen - bu pastdan yuqoriga yondashuv, ya’ni takomillashtirish bo’yicha takliflar nafaqat menejmentdan, balki kompaniyadagi har bir xodimdan kelishi mumkin. Bu xodimlarning o’z ishiga nisbatan mas’uliyat hissini va egalik tuyg’usini oshiradi.

  3. Kichik o’zgarishlarning kumulyativ ta’siri. Kayzen bir nechta katta o’zgarishlarga emas, balki ko’plab kichik takomillashtirishlarga e’tibor qaratadi. Bu esa o’z o’rnida muvaffaqiyatsizlik xavfini kamaytirishga va tezlikni oshirishga yordam beradi.

  4. Jarayonga e’tibor qaratilishi. Kayzen nafaqat mahsulotlarni takomillashtirish, balki ularni ishlab chiqarishda ishlatiladigan jarayonlarni ham takomillashtirishga harakat qiladi. Jarayon sifati mahsulot sifatini ta’minlaydi.

  5. Faktlarga asoslangan yondashuv. Kayzenni amalga oshirishda qarorlar faktlar, ma’lumotlar va statistik tahlillarga asoslanishi kerak, taxminlarga emas. Bu muammolarni aniq aniqlash va oqilona yechimlar topishga yordam beradi.

  6. Xatolarni tan olish va ulardan o’rganish. Kayzen xatolarni tabiiy deb qabul qiladi va ularni yaxshilanish uchun imkoniyat sifatida ko’radi. Xatolarni berkitish yoki jazolanishdan qo’rqish o’rniga, Kayzen ularni ochiq muhokama qilishga va ulardan o’rganishga undaydi.

Kayzen jarayonlarni takomillashtirish va yaxshi natijalarga erishish uchun hajmi yoki sanoatidan qat’i nazar, har qanday turdagi tashkilotda qo’llanilishi mumkin.

RBTA tsikli: Rejalashtirmoq (Plan), Bajarmoq (Do), Tekshirmoq (Check), Amal qilmoq (Act)
RBTA tsikli: Rejalashtirmoq (Plan), Bajarmoq (Do), Tekshirmoq (Check), Amal qilmoq (Act)

Odatda Kayzen tashabbuslarini amalga oshirish uchun to’rt qadamdan iborat bo’lgan Demingni PDCA tsiklidan foydalaniladi: “Rejalashtirmoq (Plan)” -> “Bajarmoq (Do)” -> “Tekshirmoq (Check)” -> “Amal qilmoq (Act)”. Xodimlar jamoasi “Kayzen” deb nomlanuvchi tadbirda takomillashtirilishi kerak bo’lgan jarayonlarni aniqlash va qisqa vaqt ichida, odatda bir necha kundan bir haftagacha bir qator o’zgarishlarni amalga oshirish uchun birgalikda ishlashadi. Keyin o’zgarishlar baholanadi va takomillashtiriladi va jarayon sezilarli yaxshilanishlarga erishilgunga qadar takrorlanadi.

Kayzen tadbirlarini o’tkazishda quyidagi qadamlar ko’pincha qo’llaniladi:

  1. Muammoni aniqlash. Jarayon yoki mahsulotdagi takomillashtirishni talab qiladigan sohalarni aniqlash.
  2. Muammoni tahlil qilish. Muammoning ildiz sabablarini aniqlash uchun ma’lumotlarni to’plash va tahlil qilish.
  3. Yechimlarni ishlab chiqish. Muammoni hal qilish uchun mumkin bo’lgan yechimlarni ishlab chiqish va eng yaxshisini tanlash.
  4. Yechimni sinab ko’rish. Tanlangan yechimni kichik miqyosda sinab ko’rish va uning samaradorligini baholash.
  5. Yechimni amalga oshirish. Agar sinov muvaffaqiyatli bo’lsa, yechimni keng miqyosda amalga oshirish.
  6. Natijalarni standartlashtirish. O’zgarishlarni yangi ish standarti sifatida rasmiylashtirish va barcha tegishli xodimlarni o’qitish.
  7. Keyingi takomillashtirishlarni rejalashtirish. Jarayonni qayta ko’rib chiqish va keyingi takomillashtirish imkoniyatlarini aniqlash.

Kayzen falsafasini amalga oshirishda muvaffaqiyatga erishish uchun kompaniya rahbariyati tomonidan qat’iy qo’llab-quvvatlash, xodimlarning ishtiroki va doimiy takomillashtirish madaniyatini yaratish muhim ahamiyatga ega. Xodimlar o’z fikrlarini bildirish va takomillashtirish jarayoniga hissa qo’shish uchun qulay muhitga ega bo’lishlari kerak.

Amaliyotda qo'llanilishiga ba'zi misollar
  • Germaniyaning BMW Group avtomobil ishlab chiqaruvchi korporatsiyasi samaradorlikni oshirish va yo’qotishlarni kamaytirish uchun o’zining ta’minot zanjirini boshqarish jarayonlarida Kayzenni joriy qilgan. Natijada xom ashyolarni yetkazib berish muddati va xarajatlar sezilarli darajada kamaygan.
  • Janubiy Koreyaning Samsung Electronics kompaniyasi Kayzen dasturi orqali o’z mahsulotlari sifatini yaxshilash va yangi mahsulotlarni bozorga chiqarish vaqtini qisqartirishga erisha olgan.
  • Amerikaning Procter & Gamble (P&G) iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi kompaniyasi o’z faoliyati samaradorligini oshirish va yo’qotishlarni kamaytirish uchun kayzendan foydalangan.

Kayzen nafaqat ishlab chiqarish sohasida, balki xizmat ko’rsatish, sog’liqni saqlash, qurilish va hatto davlat sektorida ham muvaffaqiyatli qo’llanilishi mumkin. Masalan, Yaponiyaning Shinkansen tezyurar poyezdlari tizimi Kayzenni doimiy takomillashtirish va samaradorlikni oshirish uchun qo’llashi bilan mashhur.

Yuqoridagilarni umumlashtirib aytganda, Kayzen falsafasi doimiy takomillashtirishga, xodimlarning ishtirokiga va faktlarga asoslangan qarorlar qabul qilishga e’tibor qaratadi. U kompaniyalar va tashkilotlarga samaradorlikni oshirish, xarajatlarni kamaytirish va mijozlarga yuqori sifatli mahsulot va xizmatlarni taqdim etishda yordam beradi. Siz ishdagi takomillashtirish sayohatingizni endi boshlayapsizmi yoki tashkilotingizni keyingi rivojlanish bosqichiga olib chiqmoqchimisiz, Kayzen falsafasi o’rganishga va amalda qo’llashga arziydigan strategiyadir. Kayzen tamoyillarini qo’llash orqali siz o’z faoliyatingizda sezilarli yaxshilanishlarni kutishingiz va raqobatbardosh ustunlikka erishishingiz mumkin.

Telegram kanal
Agar ushbu maqola sizga foydali bo’lgan bo’lsa, uni hamkasblaringiz va do’stlaringiz bilan ulashing. Tejamkor ishlab chiqarish, loyiha boshqaruvi, ta’minot zanjirlari, samaradorlik va shaxsiy rivojlanish mavzularida ko’proq ma’lumot olish uchun bizning “Microblog” Telegram kanalimizga a’zo bo’ling.

O'xshash maqolalar