Ta'minot zanjiri boshqaruvining evolyutsiya bosqichlari

Har bir korxonaning ta’minot zanjiri tuzilmasi o’ziga xos bo’ladi. Lekin ularning barchasi barqaror ta’minot oqimini ta’minlashga va xarajatlarni kamaytirish uchun harakat qilishadi. Xo’sh, ta’minot zanjiri boshqaruvi qanday rivojlangan? Keling, uning evolyutsiyasining to’rt bosqichini ko’rib chiqamiz.

Bu bosqichda tashkilotda intizomli boshqaruv yetishmaydi va tashqi aloqalar kuchsiz bo’ladi. Reaktiv ta’minot zanjiri xarajatlarga unchalik e’tibor bermasdan talabni qondiradi. 1-chizma axborot oqimlarining yoki potentsial hamkorlar o’rtasidagi mustahkam munosabatlarning yo’qligini ko’rsatadi.

1-chizma. Bir necha disfunktsiya
1-chizma. Bir necha disfunktsiya

Bu reaktiv ta’minot zanjiri bo’lib, u xarajatlarni ko’p hisobga olmasdan xaridorlarni talabini qondiradi, xarajat markazi (cost center) sifatida qabul qilinadi va bozorda raqobatbardosh bo’lish uchun qo’llaniladigan texnologiyalarga minimal muhtoj bo’ladi.

Disfunktsional korxonalarda odatda quyidagilarni kuzatsa bo’ladi:

  • Ichki faoliyatlar ko’proq rejaga ko’ra emas, balki impulsiv tarzda amalga oshiriladi.
  • Rahbariyat tashkilot missiyasini hodimlarga faqat eng umumiy ma’noda tushuntiradi.
  • Savdo-sotiq prognozlari ko’pincha taxminlarga asoslangan bo’ladi.
  • Mahsulotni dizayn qilish jarayoni ishlab chiqarish yoki marketing kabi foydali fikr-g’oya olish mumkin bo’lgan boshqa sohalardan maslahat olinmasdan loyihalanadi.
  • Korxona omborlari bozorlarga yaqin joylashgan, katta sotuvni kutib, ortiqcha zaxiralar bilan to’ldirilgan bo’ladi. Ular ko’pincha malakasi yuqori bo’lmagan va qo’l mehnati bilan ishlaydigan hodimlar bilan ta’minlangan bo’ladi.
  • Yuk mashinalari yoki poezdlar yetib kelganidagina tovarlar ulardan tushiriladi, faqat buyurtma kelgandagina ularga ortiladi. Ikkala holda ham oldindan ogohlantirishlar kuzatilmaydi.
  • To’lovlar va material oqimlari mavjud bo’lishlari mumkin, lekin to’lovlarni yig’ish qoniqarsiz ahvolda mumkin. Axborot almashish ko’proq ichki buyurtmalar berish, takliflarni qabul qilish va hisob-fakturalarni yuborish asosida amalga oshiriladi.
  • Xomashyo ehtiyojlarini rejalashtirish boshlang’ich darajada, xomashyo ro’yxati, ishlab chiqarish jadvali va joriy mavjud bo’lgan buyurtmalar asosida yig’ilgan ma’lumotlar bilan amalga oshiriladi.

Bu bosqichda korxonada axborot oqimi yaxshilangan va funktsional sohalar aniqlangan bo’ladi (2-chizma). Lekin ular qiymat yaratishning eng samarali usullari ustida hamkorlik qilmasdan, o’z funksiyalarini ketma-ket bajarishga moyil bo’ladi. Ushbu bosqichda xaridorlar va yetkazib beruvchilar bilan sheriklik munosabatlari mavjud bo’lmaydi.

2-chizma. Yarim funktsional korxona
2-chizma. Yarim funktsional korxona

Bu reaktiv samarali ta’minot zanjiriga misol bo’lishi mumkin:

  • Samarali, kam xarajatli va integratsiyalashgan bo’limlari orqali korxonaning bozordagi raqobatdosh pozitsiyalashni qo’llab-quvvatlaydi.
  • Tayyor mahsulotlarning yetkazib beriladigan umumiy narxiga nisbatan samaradorlik va xarajatlarni boshqarishga e’tibor qaratadi.
  • Mehnat xarajatlarini kamaytirish, unumdorlikni oshirish va jarayonlarni avtomatlashtirish uchun IT texnologiyalarga va yangi uskunalarga katta ahamiyat beradi.

Ta’minot zanjiri evolyutsiyasining bu ikkinchi bosqichida korxona muayyan funktsional sohalarda samaradorlik, tejamkorlik va sifatni yaxshilash uchun tashabbuslarini amalga oshiradi. Masalan:

  • Omborxona boshqaruvi jamoasi korxonaning o’z ob’ektlaridagi mahsulot zaxiralari darajasini kamaytirish yo’llarini topishi mumkin.
  • Omborlardagi asosan qo’l kuchi bilan amalga oshiraladigan operatsiyalar avtomatik uskunalar qo’shilishi orqali kuchaytirilishi mumkin.
  • Xarid qilish bo’limi yangi xarid strategiyalaridan foydalanib, ta’minot xom-ashyo tovarlarni va xizmatlarni imkon qadar past narxlarda sotib olish imkoniyatiga ega bo’lishi mumkin.
  • Transport bo’limi tashuvchi transport turlarini (avto, poezd, samolyot) va yo’nalishlarni strategik tanlash orqali transport xarajatlarini kamaytirishi mumkin.
  • Ayrim bo’limlar samaraliroq amaliy ko’nikmalarni o’rgatadigan treninglarni joriy etishlari va ishni qiziqarli qilish strategiyalarini ishlab chiqib qabul qilishlari mumkin.
  • Marketing jamoasi ishonchliroq tadqiqot va prognozlash usullarini ishlab chiqishi mumkin.
  • Ishlab chiqarish resurslarini rejalashtirish (SAP yoki Oracle kabi ERP tizimlar) dasturiy ta’minotlarni korxonada o’rnatib, uning rejalashtirish jarayonlarining bo’limlararo integratsiyasiga erishishlari mumkin.

Ta’minot zanjiri evolyutsiyasining uchinchi bosqichida korxona alohida boshqarma bo’limlar o’rniga butun tashkilot bo’ylab biznes jarayonlariga e’tibor qarata boshlaydi. Bu bosqichni belgilaydigan bir nechta asosiy omillar paydo bo’ladi. Masalan, bunga ishlab chiqarish va korxona miqyosidagi dasturiy ta’minotning joriy etilishi, bo’lim va boshqarmalararo aloqalar va treninglarni ko’payishi, markazlashtirilgan va ishlatishga qulay ma’lumot bazalari mavjudligi, va barcha aloqador bo’lim vakillari ishtirok etadigan korxona operatsiyalarini rejalashtirishga mo’ljallangan yig’ilishlarni tashkil etilishi kiradi.

Bu proaktiv samarali ta’minot zanjiriga misol bo’la oladi:

  • Murakkablik va xarajatlarni kamaytirish uchun yangi xomashyo yoki mahsulotlar dizaynini tavsiya qiladi.
  • Samaradorlikni oshirish uchun mahsulot dizayniga o’zgartirishlarni kiritishni tezlashtiradi.
  • Funktsional bo’limlar bo’ylab ma’lumot almashishni osonlashtirish uchun integratsiyalashgan axborot tizimlariga sarmoya kiritadi.

3-chizma funktsional bo’limlar o’rtasidagi hamkorlik va korxona miqyosidagi korxona resurslarini rejalashtirish dasturiy ta’minoti orqali ma’lumot almashish bilan bog’langan ichki ta’minot zanjirining vizual tasvirini ko’rsatadi.

3-chizma. Integratsiyalashgan korxona
3-chizma. Integratsiyalashgan korxona

Ushbu bosqich quyidagilarga ko’ra oldingi bosqichdan keskin farq qiladi:

  • Biznes jarayonlar elektron pochta, fayl uzatish, ma’lumotlar bazalari va korxona miqyosidagi dasturiy ilovalarning ko’payishi bilan osonlashtiriladi. Bo’lim va boshqarmalararo hamkorlik ancha tezlashadi va osonlashadi.
  • Buyurtmani yetkazib beruvchidan olish, mahsulotni yaratish va uni iste’molchiga yetkazib berish uchun ketadigan vaqtni qisqartiradigan turli xil tashabbuslar amalga oshiriladi. Masalan, SAP yoki Oracle kabi ERP tizimlar butun tashkilotni bir-biriga bog’laydi. Tashabbuslar korporativ devorlardan o’tib, ta’minot zanjiridagi yetkazib beruvchi hamkorlarni bir-biriga bog’ladi.
  • Ba’zi kompaniyalarda mahsulot dizayni endi jamoa ishi bo’lib, unda ishlab chiqarish muhandislari, logistlar va marketolog kabi boshqa manfaatdor tomonlar “marketing uchun dizayn”, “logistika uchun dizayn” yoki “atrof-muhit uchun dizayn” qilish uchun dizayner bilan hamkorlik qilishadi. Ushbu yondashuv mijozlarning istaklariga mos keladigan va jarayonlar, uskunalar yoki xodimlar tarkibida qimmatli o’zgarishlar kiritmasdan ishlab chiqarishga tayyor bo’lgan mahsulotlarni yaratadi.
  • Bozorlarni xaridorlarni to’g’ri segmentatsiya qilish va har bir segment uchun mos keladigan yanada samarali mahsulot yetkazib berish yo’llarini ishlab chiqish orqali iste’molchilar talabini qondirish yaxshilanadi.
  • Omborxona zaxiralari o’z vaqtida keraklicha to’ldiriladi, savdo-sotiqda yanada aniq prognozlar qo’llaniladi, va takomillashtirilgan logistika faoliyati bilan birgalikda xaridorlarga mahsulotlarni yetkazib berish yanada samarali va ishonchli bo’ladi.
  • Omborxonalar boshqaruvi yanada rivojlangan uskunalar va avtomatizatsiyadan foyda oladi. Ushbu nuqtada korxona logistika xizmatlarini ko’rsatishga ixtisoslashgan tashkilot bilan shartnoma tuzish orqali tashqi ta’minot zanjiri a’zolari bilan integratsiyaga qarab qadamlar qo’yishi mumkin.

Bu bosqichning asosiy xususiyati - biznes jarayonlarini kompaniya chegarasidan tashqariga chiqarishga qaror qilishidir (4-chizma). Ya’ni, kompaniya yetkazib beruvchilari yoki xaridorlari bilan rejalashtirish, dizayn, snabjenie, ishlab chiqarish, logistika yoki boshqa biznes jarayonlar bo’yicha yaqindan hamkorlik qiladi. Kompaniya o’zining ichki tarmog’ini samaradorlik, mahsulot yoki xizmat sifati yoki ikkalasini ham oshirish uchun tanlangan ta’minot zanjiri hamkorlarining ichki tarmoqlari bilan birlashtiradi. Boshlang’ich nuqta odatda to’liq tarmoqlashtirilgan korxonaga yo’l ko’rsatadigan bitta ichki yoki tashqi hamkorlikdir.

4-chizma. Kengaytirilgan korxona
4-chizma. Kengaytirilgan korxona

Bu strategik yo’l ko’rsatuvchi ta’minot zanjiri hisoblanadi:

  • Xaridor talabini yaratish va bajarish to’liq integratsiyalashgan bo’ladi.
  • Ta’minot zanjiri kompaniyaning umumiy strategiyasini ishlab chiqishga hissa qo’shadi.
  • Buyurtmalarni sotuvini prognozlash, rejalashtirish va yetkazib berish to’liq integratsiyalashgan va shaffof bo’ladi.
  • Texnologik takomillashtirishlar, bilimlar va real vaqtdagi ma’lumotlar zanjir hamkorlari bilan baham ko’riladi.

Ushbu bosqichga xos bo’lgan misollar quyida berilgan:

  • Xaridorlar mahsulot yoki xizmatlarga onlayn buyurtma berishlari, jo’natmalarini onlayn kuzatishlari va yetib kelganidan so’ng darhol mijozlar xizmati bilan bog’lanishlari mumkin bo’lgan interaktiv saytlar kabi elektron tijorat turlari paydo bo’ladi.
  • Ta’minot zanjiridagi yetakchi tashkilot va bir yoki bir nechta hamkorlari o’rtasida dastlabki tadqiqot hamkorligi mavjud bo’ladi. Agar birinchi hamkorlik muvaffaqiyatli bo’lsa, u ikki taraf o’rtasidagi yanada to’liq takomillashgan munosabatlarni vujudga keltirishi mumkin. Va bu munosabatlar ta’minot zanjiridagi boshqa tashkilotlar uchun hamkorlik modeliga aylanishi mumkin.
  • Jahon bozorida raqobat endi faqat alohida kompaniyalar o’rtasida emas, balki butun ta’minot zanjirlari endi butun dunyo bo’ylab bir nechta mamlakatlarda mijozlar, ishchilar va kapital uchun bir-birlari bilan kurashishadi. Kompaniyalar o’rtasidagi hamkorlik ta’minot zanjirlari o’rtasidagi raqobatning ajralmas qismiga aylanadi.

Ba’zi jarayonlar, masalan, CPFR - Collaborative Planning, Forecasting and Replenishment (Hamkorlikda Rejalashtirish, Prognoz Qilish va Ta’minlash) biznes kontseptsiyasi uchun kompaniyada bo’lim va boshqarmalararo hamkorlikni talab qiladi. CPFR – bu ta’minot zanjirini samaradorligini va integratsiyasini oshirishga qaratilgan biznes kontseptsiyasi bo’lib, u ta’minot zanjiridagi hamkorlik amaliyotlarini qo’llab-quvvatlash va faoliyatlarni muvofiqlashtirish orqali amalga oshiriladi. CPFR ushbu maqsadlarga erishish uchun ta’minot zanjiridagi turli sherik va hamkorlarning rejalashtirish, prognoz qilish va mahsulotlar bilan ta’minlash bo’yicha sa’y-harakatlarini birlashtiradi. Bu, ishtirokchilarga mahsulot talabi miqdorini aniqroq prognoz qilish, zaxira miqdorlarini optimallashtirish, yetkazib berish ketma-ketligini yaxshilash va iste’molchilarga xizmat ko’rsatish darajasini oshirish imkonini beradi. CPFR, shu bilan birga, hamkorlik qilish madaniyatini rivojlantirish va ta’minot zanjiridagi ma’lumot almashinuvini yaxshilash orqali korxonalar o’rtasidagi ishonchni mustahkamlashga ham hissa qo’shadi.

Ta’minot zanjirining yetukligi kompaniyaning raqobatbardoshligi va muvaffaqiyati uchun juda muhim hisoblanadi. Kompaniyalar o’z ta’minot zanjirlaridagi nomuvofiqliklarni bartaraf etishlari va to’rtinchi bosqichga erishishga intilishlari kerak. Bu jarayonda ular yetkazib beruvchilari va xaridorlari bilan yaqindan hamkorlik qilishlari va integratsiyalashgan jarayonlar orqali samaradorlik va qiymatni oshirishga erishishlari mumkin. IT texnologiyalar, ayniqsa SAP yoki Oracle kabi ERP tizimlar va CPFR kabi interfunktsional yondashuvlar, ushbu evolyutsiyada yetaklovchi rolni o’ynashadi. Oxir-oqibat, maqsad - butun tashkilot bo’ylab va tashqi hamkorlar bilan yaxshi integratsiyalashgan, moslashuvchan va samarali ta’minot zanjirini yaratishdir.

Xo’sh, siz qaysi bosqichdasiz? Ta’minot zanjiringizni takomillashtirishga tayyormisiz? Unda 4-bosqich tomon oldinga!

Telegram kanal
Agar ushbu maqola sizga foydali bo’lgan bo’lsa, uni hamkasblaringiz va do’stlaringiz bilan ulashing. Tejamkor ishlab chiqarish, loyiha boshqaruvi, ta’minot zanjirlari, samaradorlik va shaxsiy rivojlanish mavzularida ko’proq ma’lumot olish uchun bizning “Microblog” Telegram kanalimizga a’zo bo’ling.

O'xshash maqolalar