Ishlab chiqarish sohasidagi fundamental qonunlar: samaradorlikni oshirish uchun muhim ko'rsatmalar

Mavzular - Kitoblar to'plami

Ishlab chiqarish jarayonlari bir qator ilmiy qonuniyatlar bilan boshqariladi. Amerikalik sanoat va operatsion muhandislik professorlari Wallace J. Hopp va Mark L. Spearman tomonidan yozilgan “Zavod Fizikasi” (Factory Physics) nomli kitobda ishlab chiqarishdagi bir nechta asosiy bog’liqliklar aniqlangan va matematik jihatdan isbotlangan. Ushbu qonunlar va tahliliy formulalar yordamida ishlab chiqaruvchilar o’z ishlab chiqarish tizimlarini diagnostika qilishlari hamda unumdorlik, tsikl vaqti, mahsulot sifati va mijozlar ehtiyojlarini qondirish kabi sohalarda sezilarli yaxshilanishlarni amalga oshirishlari mumkin.

Quyida ishlab chiqarish sohasidagi eng muhim qonunlarning mohiyati va amaliy qo’llanilishi haqida batafsil ma’lumot beriladi:

Ushbu qonun ishlab chiqarish jarayonidagi uch asosiy parametr - tugallanmagan mahsulot miqdori (WIP), mahsulotni yetkazib berish vaqti (CT) va ishlab chiqarish unumdorligi (TH) o’rtasidagi o’zaro bog’liqlikni ifodalaydi. Litl qonuniga ko’ra, WIP = CT x TH. Ushbu tenglamani tushunish va undan foydalanish ishlab chiqarish jarayonini optimallashtirish uchun juda muhimdir. Masalan, agar kompaniya mahsulotni yetkazib berish vaqtini qisqartirmoqchi bo’lsa, u holda tugallanmagan mahsulot miqdorini kamaytirishi yoki ishlab chiqarish unumdorligini oshirishi kerak bo’ladi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish unumdorligini oshirish uchun kompaniya WIP ni oshirishi yoki CT ni qisqartirishi mumkin.

Tugallanmagan mahsulot miqdori = Bir dona mahsulotni yetkazib berish vaqti (buyurtma tushgandan to tayyor mahsulotga aylanguncha bo’lgan vaqt) x Unumdorlik (vaqt birligida ishlab chiqariladigan mahsulotlar soni).

Xuddi shu formulani ingliz tilidagi darsliklarda “Work in Progress (WIP)= Cycle Time (CT) x Throughput (TH)” ko’rinishida uchratish mumkin.

Agar korxonada unumdorlik haftasiga 100 dona mahsulot bo’lsa, ularni har birini ishlab chiqarishga 2 hafta ketsa, unda ishlab chiqarish jarayonidagi tugallanmagan mahsulotlarni umumiy miqdori 200 ga teng bo’ladi.

Unumdorlik va mahsulot yetkazib berish vaqt birligi bir xil bo’lishi shart.

Yana bir misol, eshik ishlab chiqarish jarayoni 5 ta soddalashtirilgan qadamdan iborat bo’lsin: yog’ochni kesish (1), so’ng taxta bo’laklarini yopishtirish (2), yarim tayyor mahsulotni bo’yoqlash (3), uni quritish (4) va karton korobkaga qadoqlash (5).

Ishlab chiqarish jarayoniga soddalashtirilgan misol

WIP = CTxTH
Birinchi qadamda uskuna soatiga 60 ta detal ishlab chiqarsin, ikkinchi qadam boshlanguncha har bir detal 15 daqiqadan kutishi kerak bo’lsin. Unda shu ikki qadamlar orasidagi detallarning umumiy miqdori WIP=(60/60)x15=15 taga teng bo’ladi. Bu ma’lumotni, masalan, oradagi saqlash maydonini (bufer zonasini) hisoblashda qo’llash mumkin. Agar har bir korobkaga 5 tadan detal sig’sa, unda bizga 3 ta korobka kerak bo’ladi.

CT = WIP/TH
Bo’yoqlash uskunasini oldida o’rtacha 40 ta detal turishini aniqladik deylik. Taxta bo’laklarini yopishtirish qadamidan har 2 minutda yana bitta detal yetib kelishini hisobga olsak, unda bo’yoqlashdan oldin har bir detalni kutish vaqti o’rtacha 20 daqiqaga teng bo’ladi (CT=WIP/TH=40/2=20).

TH = WIP/CT
Bizga ma’lumki, tsehda 360 ta hom-ashyoli korobkalar mavjud va har bir korobkada 5 tadan detal bor. Ishlab chiqarish tsikli kuniga 3 ta smenadan iborat bo’lsa, unda har bir smenaning kunlik ishlab chiqarish samaradorligi 600 ta detal ekanini aniqlash mumkin (TH=WIP/CT=(360x5)/3= 600).

Ushbu qonun shuni ta’kidlaydiki, barqaror holatda zavodning o’rtacha mahsulot ishlab chiqarish unumdorligi uning o’rtacha ishlab chiqarish quvvatidan doimo kamroq bo’ladi. Bu shuni anglatadiki, hech qanday ishlab chiqarish tizimi o’zining nazariy quvvatidan to’liq foydalana olmaydi, chunki kutilmagan to’xtalishlar, uskunalarning nosozligi, xom ashyo yetishmovchiligi va boshqa omillar mavjud. Ishlab chiqaruvchilar ushbu qonunni tushungan holda, ishlab chiqarish quvvatini oshirish uchun tizimli yondashuvni qo’llashlari va cheklovlarni bartaraf etish bo’yicha doimiy sa’y-harakatlar olib borishlari kerak.

Masalan, poyabzal ishlab chiqaradigan zavod kuniga 1000 ta juft ishlab chiqarish quvvatiga ega, ammo kutilmagan holatlar tufayli kuniga faqat 800 juft ishlab chiqaradi. Boshqacha qilib aytganda, zavodning ishlab chiqarish unumdorligi uning o’rtacha kunlik quvvatidan 20% kamroq ekanligiga guvoh bo’lishimiz mumkin.

Ushbu qonunga ko’ra, cheklanmagan tizimda xom ashyo va tayyor mahsulot zaxiralari doimiy ravishda oshib boradi. Bu shuni anglatadiki, agar kompaniya zaxiralarni samarali boshqarmasa, ular tez orada juda katta hajmga yetishi va moliyaviy resurslarni “muzlatib” qo’yishi mumkin. Shuning uchun, ishlab chiqaruvchilar talabni aniq prognoz qilish va zaxiralarni optimal darajada saqlash uchun samarali usullardan foydalanishlari zarur. Bu ortiqcha zaxiralarni kamaytirish, moliyaviy resurslarni tejash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga yordam beradi.

Bu qonunga ham bir misolni ko’rib chiqaylik. Kiyim-kechak sotuvchi do’kon yaqinlashib kelayotgan bayram mavsumiga tayyorgarlik ko’rmoqda. Shu sababli u kiyim-kechaklarning katta tanloviga ega bo’lishni xohlaydi. Yetarli mahsulot inventarga (zaxirasiga) ega bo’lishni ta’minlash uchun do’kon egasi o’zining yetkazib beruvchilariga bir necha oy oldin katta miqdorda kiyim-kechak buyurtma qiladi. Biroq, dam olish mavsumi yaqinlashganda, sotuvchi buyurtma qilingan kiyimlarning bir qismi kutilgandek sotilmasligini tushunadi. Sotilmagan kiyimlar do’konning orqa xonasida to’planib borib qimmatli joyni egallashni boshlaydilar. Buni ustiga, kiyim-kechak mollariga sarflangan mablag’ ham “muzlab” qoladi. Cheklanmagan tizimda inventar (zaxiralar) tinimsiz oshib borishini ushbu misolda ko’rib turibmiz. Bunday vaziyatni oldini olish uchun do’kon egasi buyurtma berayotganda aniqroq kiyim miqdorini ta’minlashga yordam beradigan oldindan prognoz (bashorat) qilish va mahsulot zahiralarini samarali boshqarish usullaridan foydalanishi mumkin edi.

Bu qonun shuni ko’rsatadiki, ishlab chiqarish tizimida ashyo va tayyor mahsulotlarning to’planib qolishi doimo ham jarayondagi “tor joy” yoki cheklovning mavjudligini bildirmaydi. Haqiqiy “tor joy"ni aniqlash uchun butun ishlab chiqarish tizimini sinchkovlik bilan tahlil qilish va har bir bosqichning unumdorligini baholash zarur. “Tor joy"ni aniqlash va bartaraf etish kompaniyaga ishlab chiqarish hajmini oshirish va bozor talablariga tezroq javob berish imkonini beradi.

Misol uchun, butilkalarga sharbat quyish zavodida bir nechta ishlab chiqarish liniyalari mavjud. Ularning ichida butilkalarga sharbat quyadigan bitta liniya nisbatan eng sekin ishlashi aniqlanadi. Bu yuqorida ta’kidlangan ishlab chiqarish jarayonlarining “tor joyi” bo’lib, u zavodning umumiy ishlab chiqarish hajmini cheklaydi. Agar bozorda ushbu sharbat mahsulotlariga talab katta bo’lsa, sotuv hajmini va daromadni oshirish uchun ishlab chiqaruvchi kompaniya ushbu “tor joy” cheklovini bartaraf etish yo’llarini topishi kerak bo’ladi.

Ushbu qonunga ko’ra, o’zgaruvchanlikning oshishi ishlab chiqarish tizimining umumiy samaradorligini pasaytiradi. O’zgaruvchanlik mahsulot parametrlari, xom ashyo sifati yoki ishlab chiqarish jarayonining o’zida kuzatilishi mumkin. Ishlab chiqaruvchilar o’zgaruvchanlik manbalarini aniqlashlari va ularni bartaraf etish uchun tizimli yondashuvni qo’llashlari kerak. Buning uchun sifatni nazorat qilish vositalarini joriy etish, xodimlarni o’qitish va ishlab chiqarish jarayonlarini standartlashtirish kabi tadbirlarni amalga oshirish mumkin.

O’zgaruvchanlikka detalni o’lchov parametrlaridagi (uzunlik, o’girlik, diametri va hokazo) o’zgaruvchanlik yoki ishlab chiqarish jarayonidagi o’zgaruvchanliklarni (har xil xom ashyo yetkazib beruvchi komponentlarini ishlatish, biror qadamda har xil uskunalarni yoki ishchilarni ishlatish) misol qilib berish mumkin. Bu o’zgaruvchanliklar xatolarning ko’payishiga, ko’proq qayta ishlashga olib keladi va natijada ishlab chiqarish tizimining samaradorligini pasaytiradi.

Bu qonun shuni ko’rsatadiki, ishlab chiqarish liniyasining boshidagi o’zgaruvchanlik oxiridagi xuddi shunday o’zgaruvchanlikka nisbatan mahsulotni yetkazib berish vaqtiga (tsikliga) ko’proq ta’sir qiladi. Shuning uchun, kompaniyalar ishlab chiqarish jarayonining dastlabki bosqichlaridagi o’zgaruvchanlikka alohida e’tibor qaratishlari va uni minimallashtirishga intilishlari kerak. Bu esa butun ishlab chiqarish tizimining barqarorligini oshiradi va mahsulotni o’z vaqtida yetkazib berishni ta’minlaydi.

Ushbu qonunga ko’ra, barqaror tizimda, uzoq muddat davomida materiallarning tizimga kirish tezligi ularning tizimdan chiqish tezligiga teng bo’ladi. Bu shuni anglatadiki, ishlab chiqarish jarayoniga kiritilgan xom ashyo va komponentlar miqdori tayyor mahsulot shaklida tizimdan chiqarilgan miqdorga mos kelishi kerak. Ushbu muvozanatni saqlash uchun ishlab chiqaruvchilar materiallar oqimini sinchkovlik bilan kuzatib borishlari va har qanday nomutanosibliklarni tezda bartaraf etishlari zarur.

Bu qonun shuni ko’rsatadiki, agar ishlab chiqarish qurilmasining foydalanish darajasi boshqa hech qanday o’zgarishlar kiritilmasdan oshirilsa, tugallanmagan mahsulot miqdori (WIP) va mahsulotni yetkazib berish vaqti (lead time) odatda eksponentsial tarzda o’sadi. Misol uchun, agar kompaniya ishlab chiqarish uskunalaridan foydalanish darajasini 80% dan 95% gacha oshirsa, bu WIP va lead time ko’rsatkichlarining keskin o’sishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun, ishlab chiqaruvchilar uskunalardan foydalanish darajasini oshirishdan oldin boshqa omillarni, jumladan, WIP va lead time ko’rsatkichlariga ta’sirini sinchkovlik bilan tahlil qilishlari zarur.

Ushbu qonunga ko’ra, mahsulotni ko’chirish vaqtini hisobga olmaganda, ishlab chiqarish liniyasining ma’lum bir qismidagi mahsulot partiyasining tsikl vaqti taxminan partiya hajmiga proportsionaldir. Buni inobatga olgan holda, ishlab chiqaruvchilar mahsulot partiyalarining optimal hajmini aniqlashlari va uni ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun moslashtira olishlari kerak. Masalan, avtomobil ishlab chiqarish zavodida yig’ish liniyasidagi har bir ishchi uchun zarur komponentlarni kichikroq partiyalarda yetkazib berish orqali umumiy samaradorlikni oshirish mumkin.

Bu qonun shuni ta’kidlaydiki, ishlab chiqarish tizimidagi o’zgaruvchanliklardan himoyalanish uchun xom ashyo yoki tayyor mahsulot zaxiralari, ishlab chiqarish quvvati yoki qo’shimcha vaqtdan iborat kombinatsiyali yondashuvdan foydalanish mumkin. Misol uchun, non ishlab chiqaruvchi korxona bozordagi talabning o’zgaruvchanligiga moslashish uchun qo’shimcha non zaxiralarini saqlashi, ishlab chiqarish quvvatini oshirishi yoki qo’shimcha ish vaqtini ajratishi mumkin. Bunday yondashuv korxonaga talabdagi o’zgarishlarga tezkor javob berish va mijozlarning ehtiyojlarini o’z vaqtida qondirish imkonini beradi.

Xullas, “Zavod Fizikasi” kitobida keltirilgan qonunlar va tamoyillar ishlab chiqarish sohasidagi mutaxassislar, muhandislar va menejerlar uchun qimmatli resurs hisoblanadi. Ushbu bilimlardan foydalangan holda, ular ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, muammolarni tezkor hal qilish va butun tizim samaradorligini oshirish bo’yicha asosli qarorlar qabul qilishlari mumkin. Shu bilan birga, ushbu qonunlarni amaliyotga tatbiq etish ishlab chiqarish korxonalariga raqobatbardoshlikni oshirish, mijozlar ehtiyojlarini yaxshiroq qondirish va uzoq muddatli muvaffaqiyatga erishish imkonini beradi.

Ishlab chiqarish sohasidagi ilmiy qonunlarni chuqur tushunish va ulardan samarali foydalanish bugungi raqobatdosh biznes muhitida har qanday ishlab chiqaruvchi kompaniya uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ushbu qonunlar nafaqat ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, balki butun kompaniya faoliyatini strategik jihatdan yo’naltirish uchun ham mustahkam asos yaratadi. Shu sababli, ishlab chiqarish sohasidagi rahbarlar va mutaxassislar ushbu qonunlarni doimiy ravishda o’rganishlari, ularni o’z faoliyatlariga moslashtira bilishlari va amaliyotda qo’llashlari zarur. Bu esa ishlab chiqarish korxonalarining raqobatdosh ustunligini mustahkamlash va ularning uzoq muddatli gullab-yashnashiga zamin yaratadi.

Telegram kanal
Agar ushbu maqola sizga foydali bo’lgan bo’lsa, uni hamkasblaringiz va do’stlaringiz bilan ulashing. Tejamkor ishlab chiqarish, loyiha boshqaruvi, ta’minot zanjirlari, samaradorlik va shaxsiy rivojlanish mavzularida ko’proq ma’lumot olish uchun bizning “Microblog” Telegram kanalimizga a’zo bo’ling.

O'xshash maqolalar